Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning qizi — Grozniy meriyasining maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Xadijat Qodirova Ahmat Qodirov nomidagi orden bilan taqdirlandi. Bu haqda milliy siyosat vaziri Ahmed Dudayev ma’lum qildi.

Xadijat va Ramzan Qodirovlar

Foto: Telegram / @akhmeddudaev

“Checheniston Respublikasining birinchi prezidenti, Rossiya Qahramoni Ahmat Hoji Qodirovning nevarasi, Grozniy meriyasi maktabgacha ta’lim departamenti boshlig‘i Xadijat Qodirovani chin ko‘ngildan tabriklayman! Unga Checheniston Respublikasining oliy mukofoti — Qodirov ordeni berildi!” — deb yozdi Dudayev.

Dudayev qayd etishicha, qisqa vaqt ichida Ramzan Qodirovning qizi o‘zini “iste’dodli boshqaruvchi” sifatida ko‘rsatgan va “unga ishonib topshirilgan tashkilot faoliyatini yangi darajaga ko‘targan”.

Ahmat Qodirov ordeni davlat va jamoatchilik arboblariga Checheniston davlatchiligini rivojlantirish bilan bog‘liq alohida xizmatlari yoki mehnatdagi yutuqlari evaziga beriladi.

Xadijat Qodirova 2021-yil dekabrida “Checheniston Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” medalini qo‘lga kiritgandi. Ungacha bir yil davomida maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Undan avval esa Qodirova bolalar bog‘chasi mudirasi bo‘lgan. Qiz hozir 22 yoshda.

Ramzan Qodirovning katta qizi Ayshat respublika Madaniyat vazirligi rahbari bo‘lib, 2021-yil dekabrida “Inson huquqlarini himoya qilganlik uchun” medali bilan taqdirlangandi. Uch kun o‘tib esa, unga “Checheniston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berilgan. Ayshat Qodirova hozir 23 yoshda.

Ramzan Qodirovning uchinchi qizi — 19 yoshli Xutmat Qodirova Respublika rahbari kotibiyatida boshliq o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi.