Kurdlarning “Suriya demokratik kuchlari” alyansi mamlakat shimoli-sharqidagi kurdlar nazoratida bo‘lgan hududlarni himoya qilish bo‘yicha Damashq hukumati bilan kelishuvga erishishda Rossiya vakillaridan yordam so‘radi. Bu haqda SDK vakili Aram Xonga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: AP Photo

“Biz Rossiya vakillaridan Damashq rasmiylari bilan hududimizni himoya qilish yuzasidan harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishuvga tashabbus ko‘rsatishni so‘radik”, — dedi u.

Qayd etilishicha, Rossiya tomoni bilan uchrashuv o‘tkazilgan, unda Turkiyaning SDKga shartlari o‘rtaga tashlangan. SDS bu shartlarni rad etgan.

Aram Xon, shuningdek, AQSH Anqaraning Suriya shimoli-sharqidagi harbiy amaliyotiga qarshi ekanini tasdiqlagan bo‘lsa-da, mojaroni hal qilish uchun jiddiy qadamlar qo‘ymaganini aytdi.

20-noyabrdan beri Turkiya Suriya shimolida “Kurdiston ishchilar partiyasining” Suriya qanotiga qarshi havo operatsiyasini o‘tkazmoqda – unda Kobani shahriga, shuningdek, Iroq shimoliga zarbalar berilgani xabar qilingan. Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on operatsiyani muvaffaqiyatli deb atadi va uning ortidan quruqlikdagi operatsiya o‘tkazilishini istisno qilmadi.