NATO mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Buxarestdagi uchrashuvda Ukraina uchun alyans eshiklari ochiqligini, ammo “hozir uning a’zo bo‘lishi uchun qulay fursat emasligi”ni e’lon qiladi. Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda. Vazirlar Ruminiya poytaxtida bugun, 29-noyabr kuni uchrashadi.

Foto: NATO

O‘z ismini oshkor qilmagan yevropalik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, NATOning ba’zi mamlakatlari alyansga a’zolik yo‘lida “Kiyevga ochiqroq yo‘l taqdim etish”ni talab qilmoqda, biroq bu masalada konsensus mavjud emas. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina ittifoqchilari uning NATOga qo‘shilish bo‘yicha so‘roviga ehtiyotkorlik bilan yondashgan, chunki “blokning kollektiv mudofaa bo‘yicha majburiyatlari ularni Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddiyatga tortishi mumkin”.

Ukraina NATOga tezlashtirilgan tartibda a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat hududlarining Rossiya tomonidan anneksiya qilinishi fonida 30-sentabr kuni tezlashtirilgan tartibda NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev va NATO allaqachon “de-fakto ittifoqchilar”, ammo bu maqom hujjatlashtirilishi kerak. Jarayon davomida Ukraina o‘zi uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralar olib borish niyatida.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukrainaning alyansga qo‘shilish haqidagi arizasiga izoh berar ekan, NATOga a’zolik to‘g‘risidagi qaror 30 davlatning barchasi tomonidan qabul qilinishi kerakligini, hozirda alyans Ukrainaga Rossiyaning shafqatsiz bosqinidan o‘zini himoya qilish uchun tezkor yordam berishga e’tibor qaratayotganini aytdi.

Oq uy jarayonni boshqa vaqtda muhokama qilish kerak, deb hisoblamoqda.