Islandiya, Latviya, Litva, Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya va Estoniya tashqi ishlar vazirlari Ukrainani qishga tayyorgarlik ko‘rish va energetika infratuzilmasini tiklashda qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi. Bu haqda Yevropaning yetti davlati va Ukraina tashqi ishlar vazirlari Kiyevdagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha qabul qilgan qo‘shma bayonotida aytiladi.

Foto: Twitter

“Biz kelgusida gumanitar yordam ko‘rsatish va Ukrainaning qishga tayyorgarlik ko‘rishi, xususan, Ukraina energetika infratuzilmasini tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash tarafdorimiz”, — deyiladi Ukraina TIV saytida e’lon qilingan qo‘shma bayonot matnida.

Bundan tashqari, tashqi ishlar vazirlari o‘z bayonotlarida g‘alla tashabbusini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, ular kiberxavfsizlik va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishni istamoqda.

Shu bilan birga, bayonotning aksariyat bandlari Rossiyaga qarshi qaratilgan. Xususan, vazirlar sanksiyalarni kuchaytirish va Rossiya fuqarolariga YIga kirish uchun vizalar berishni cheklash zarurligini yana bir bor qayd etgan.

Avvalroq NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg qishning boshlanishi Ukraina uchun “dahshatli” bo‘lishi haqida gapirgandi.