Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati Rishton tumanida 28-noyabr kuni sodir etilgan YTH yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi

Qayd etilishicha, soat 09:30 da Rishton tumani Bo‘ston qishlog‘i hududi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan tuman IIB xodimi leytenant H.M. boshqaruvidagi Spark yo‘lning nosoz qismida texnik shikastlanishi oqibatida boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ng yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketishi oqibatida shu yo‘lda harakatlanib kelayotgan haydovchi H.Sh. boshqaruvidagi Damas bilan to‘qnashgan. Transport vositalarining haydovchilari hushyor holatda bo‘lgan.

Sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida Spark haydovchisi H.M., Damas haydovchisi H.Sh. hamda uning 3 nafar yo‘lovchisi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.