Germaniyaning Uniper energetika kompaniyasi Rossiyadan keladigan gaz tanqisligidan ko‘rilgan yo‘qotishlarni qoplamoqchi. U Stokgolmdagi xalqaro arbitraj sudiga “Gazprom”ga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda “Kommersannt” xabar bermoqda.

Foto: Bloomberg

Rossiya gazini almashtirishdan ko‘rilgan jami yo‘qotishlar 11,6 milliard yevroga baholanmoqda, — deyiladi Uniper kompaniyasining matbuot xizmati xabarida. 

Press-relizda aytilishicha, Uniper “Gazprom”dan iyun oyidan beri Rossiya gazining qisqa yetkazib berilishi tufayli yo‘qotishlarni qoplashni talab qilmoqda. 

O‘shanda Rossiya kompaniyasi “Shimoliy oqim” uchun Siemens turbinasini qaytarish bilan bog‘liq muammolar tufayli yetkazib berishni qisqartirgan. 

Natijada kompaniya mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarishda davom etish uchun qo‘shimcha gaz hajmlarini qimmatroq narxda sotib olishga majbur bo‘ldi.

Uniper yetkazib berish to‘xtatilganidan keyin Rossiya gazini almashtirish uchun kamida 11,6 milliard yevro sarfladi. Kompaniya 2024-yil oxirigacha qo‘shimcha gaz sotib olish narxi oshishini kutmoqda.

Biz sud jarayoni davomida katta moliyaviy zararni qoplashni talab qilamiz. Gap “Gazprom” bilan shartnoma bo‘yicha kelishilgan, biroq yetkazib berilmagan va shu sababli o‘ta yuqori bozor narxlarida majburan sotib olingan gaz hajmi haqida bormoqda. Bu hali ham davom etmoqda. Biz xarajatlarni o‘z zimmamizga oldik, ammo ular bizning javobgarligimiz emas, — deydi kompaniya bosh direktori Klaus-Diter Maubax.

Avvalroq Germaniya o‘zining eng yirik tabiiy gaz importchisini milliylashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.