O‘zbekistonda qish faslining dastlabki kunlaridanoq harorat minus darajaga tushib ketdi. Oqibatda gaz quyish shoxobchalarida har yilgidan ham ko‘ra og‘irroq holat kuzatilmoqda. Bir necha oy avval shoxobchalarda turnaqator navbatlar kuzatilgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning faoliyati umuman to‘xtatib qo‘yilmoqda.

Masala xaspo‘shlanmoqda

Foto: “Hududgazta‘minot”

Mas’ullar holatni “havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan ayrim hududlarda AGQKSH jadvallariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bunday choralar mamlakatimiz aholisi va ijtimoiy soha obyektlarini, jumladan, dam olish kunlarida uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgani” bilan baholamoqda. Shuningdek, “iste’molchilardan ushbu holatni tushungan holda qabul qilishni va tabiiy gazdan oqilona foydalanishni” so‘rashmoqda.

“Hududgazta‘minot” gaz zapravkalar bir necha kun ishlamasligi haqidagi xabarlarni rad etgandan hech qancha vaqt o‘tmay Toshkent shahar hokimligi jamoat transport vositalariga xizmat ko‘rsatadigan shoxobchalardan tashqari, qolgan barcha avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik yopilishini e’lon qildi.

Kalavaning uchi qayerda?

Energetika vazirligi tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari yildan yilga kamayib borayotganini aytmoqda. Aniqrog‘i, o‘tgan 11 oyi davomida rejaga nisbatan 5,8 foizga kam tabiiy gaz qazib chiqarilgan.

“O‘zbekneftegaz” boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning aytishicha, Qashqadaryoning Muborak gaz konidagi 40 yillik, Sho‘rtan gaz konidagi 70 foiz zaxiralar qazib olib bo‘lingan.

Janob Mehriddin Abdullayev “O‘zbekneftegaz”ga tegishli konlargagina javob berishi hisobga olinsa, masala tushunarli. Qiziq jihati, energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev yopiq qarorlar bilan xususiy sektorga berib yuborilgan konlardan hatto ortig‘i bilan gaz qazib olinayotganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, u taqchillikni bartaraf etish maqsadida gaz eksporti to‘xtatilgani va import hajmi 20 foizga oshirilganini urg‘ulagandi. Haqli savol tug‘iladi: shuncha gaz qani?

Va’da bajarilmadi!

Noyabr oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev tez kunda cheklovlar masalasi 80 foizga hal bo‘lishini alohida ta’kidlagan edi.

“Buning uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi eksporti to‘xtatildi. Tashqi import 20 foizga oshirildi. Bugungi kundagi uzilishlar 8-10 soatlab tokni o‘chirishga sabab bo‘lolmaydi”, — degan edi u.

Mazkur tadbirda so‘z olgan “O‘zbekneftgaz” boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev esa GTL kompaniyasidagi ishlab chiqarish 50 foizga kamaytirilib, qolgan gaz aholiga berilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.

Afsuski, mas’ullar aytganidek holat o‘nglanmadi.

Faollar gaz shoxobchalari faoliyatiga qo‘yilayotgan uzoq muddatli cheklovlar jamoat transportiga jiddiy ta’sir qilishi va o‘z o‘rnida aholiga qatnov davrida qiyinchiliklar tug‘dirishiga urg‘u bermoqda.

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov dushanba kuni “og‘ir bo‘lishi”ni aytmoqda:

Otabek Bakirov

Foto: “Daryo”

Poytaxtda avtomobillarga gaz quyish shohobchalari vaqtinchalik yopilishi ertaga shahar transporti va qator sohalarda jiddiy muammolarni yaratadi.

Fuqarolarning ishxona va ofislarga qatnovi, maktab va bog‘chalarga bolalarning yetib olishi va uyga qaytishi, afsuski, asosan shaxsiy transport va taksi xizmatlariga bog‘lanib qolgan.

Viloyatlarda, poytaxt atrofidagi Zangiota, Toshkent, Qibray tumanlarida gaz ta’minotida uzilishlar kechadanoq boshlangan edi. Bugun kun davomida ahvol yanada og‘irlashdi.

Gaz qazib olish keskin kamayib ketgani yashirilayotgani yo‘q. Gazning jismonan bo‘lmasligi, populistik qaror teplitsa yo zapravka orasida emasligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish bunchalar tez yuz berishini, to‘g‘risi, o‘zim ham kutmagandim.

Prognozlarda haroratning yanada sovishi va sovuq harorat kamida o‘n kun saqlanib qolishi aytilmoqda.

Deputat Rasul Kusherboyev esa Metan zapravkalardagi turnaqator navbatlar energetika sohamizning asl ahvolini ko‘rsatayotgani va bu og‘ir ahvolda ish beruvchilardan xodimlarga yengillik qilishlarini so‘ramoqda:

Rasul Kusherboyev

“Daryo”

O‘zim ham energetika sohasini shu ahvolga solib, issiq kabinetlarda kofe ichib o‘tirgan no‘noq rahbarlardan qattiq noroziman.

Vaziyatni shu darajaga olib kelgan, gaz konlarimizni suv tekinga berib yuborib, o‘zlari  villalarda dam olib yurganlar unutmasin: har bir yurtdoshimiz chekayotgan aziyati uchun vaqti kelib ular, albatta, javob berishadi.

Ish beruvchilar uchun signal: bu hafta og‘ir bo‘ladi!

Jamoat transporti qoniqarsiz ahvolda turgan vaqtda, asosiy yonilg‘i turi sifatida metan gazdan foydalanishga o‘tgan transport vositalari soatlab, balki sutkalab gazga navbat kutib qolmoqda. Ayrim haydovchilar bu sovuqda gazdan umidini uzib qo‘l siltab ham qo‘yishdi: ulargayam sog‘liq kerak.

Bu sharoitda eng ko‘p aziyat chekadiganlar bu — jamoat transportida ishga qatnab ishlovchi ishchilar hisoblanadi.

Jamoat transporti yo‘q, bori ham tiqilinch, taksilar narxi oshib ketgan, qatnov kamligi sabab ushbu haftada ko‘pchilik ishchilar ishga borishda kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelishadi.

Shu bois ish beruvchilar, rahbarlar o‘z ishchilarining real sharoitidan kelib chiqib ularga ma’lum imtiyozlar berishi shart, deb hisoblayman. Masalan, ularning ishga kech qolib kelishi, kela olmasligi yoki ishdan erta ketishini yengib bo‘lmas sharoit ta’siridagi holat sifatida baholab, bu uchun hech qanday jazo berilmasligi kerak.

Aksincha ishchilarga ayni shunday kunlarda sharoit yaratib, ularni qo‘llab-quvvatlash zarur.

O‘ylaymizki, vijdoni bor, ishchilariga g‘amxo‘r har bir rahbar mana shunday yo‘l tutadi.

Na iloj, energetikamizning ahvoli issiq va shohona sharoitda yashovchi rahbarlar tomonidan ko‘zbo‘yamachi raqamlar, yashirin kelishuvlar sabab shu darajaga tushirib qo‘yilganidan keyin uning jabrini oddiy ishchilar tortadi, albatta.

Darvoqe, energetika sohasi faqat Energetika vazirligi tomonidan boshqarilmaydi. E’tirozlarimiz uni ko‘zga ko‘rinmas boshqarib, botqoqqa botirganlarga.

Troll.uz sobiq energetika vaziri Alisher Sultonovning “Gazimiz uchta O‘zbekistonni boqa oladi” degan gaplarini hozirda tabiiy gaz yetishmayotganini ta’kidlayotgan mas’ullarga eslatmoqda.

Foto: “Daryo”

“Haliyam hozir shu odam vazir emas…”, holatni izohlagan tarmoq vakili.