Bir necha haftadirki, Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Toshkent shahridagi uchta onkologik shifoxonaning sotuvga qo‘yilishi tarmoqlarda muhokama bo‘lmoqda. “Daryo” internet nashri mazkur mavzu yuzasidan qo‘shimcha o‘rganishlar olib bordi.

Avvalroq maydoni 10 gektarga yaqin Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazining 281,7 milliard so‘m, 2,68 gektarli Toshkent viloyati onkologiya kasalliklari shifoxonasining bino va inshootlari 92 milliard so‘m hamda maydoni 4,64 gektar bo‘lgan Toshkent shahar onkologiya kasalliklari shifoxonasining bino va inshootlari 160,4 milliard so‘m boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yilgandi.

Foto: “Daryo”

Sog‘liqni saqlash vazirligi shifoxonalarning sotuvga qo‘yilishini Onkologiya markazi hamda uning poytaxt va Toshkent viloyatidagi filiallari yagona unikal kompleksga birlashayotgani bilan bog‘ladi. Aytilishicha, kompleks binosi 8 qavatdan iborat bo‘lib, 650 o‘rin statsionar va 100 o‘rin kunduzgi statsionar davolanuvchilar uchun mo‘ljallangan.

Xo‘sh, poytaxt markazidagi va shunga mos ravishda qarichi ham pul turadigan yerlar SSVga kerak emasmi? Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatovning “Daryo” muxbiriga aytishicha, uchala yer ham vazirlik uchun keraksiz.

Amrillo Inoyatov

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Tibbiyot davlatning aravasida. Agar ertaga ehtiyoj bo‘ladigan bo‘lsa, yer ko‘p. Davlat ajratib beraveradi. Yaqin 50 yillik strategiyamiz bor. Bu strategiyada 500—2000 o‘rinli bo‘lgan mana shunday tibbiy transferlar tashkil qiladigan bo‘lsa, yaqin 50 yilda bizga ortiqcha yer kerak emas. 2030-yilga borib aholi 45 millionga chiqadi, 40-yilga borib 50 milliondan oshamiz. Mana shu 20-30 yillik aniq strategiyamiz bor. Shuning uchun bizga ortiqcha yer kerak bo‘lmaydi. Faqat mavjud joylarimizga, zamonaviy binolarimizga tibbiyot xodimlarimizning yangi avlodi va jihozlarimiz bilan kirib borishimiz kerak. Uchala yer ham Sog‘liqni saqlash uchun kerak emas. Chunki Toshkent tibbiyot akademiyasi hududi 50 gektardan ko‘p, ya’ni klinika, o‘quv binosi, ankologiya boshqa tomonida urologiya markazi bo‘lyapti. Yana qo‘shimcha shifoxona olib kelishimiz mumkin. Logistika bo‘yicha davlat dasturi bor. Mashinalar patogi, kirishi, chiqishi bo‘yicha alohida davlat dasturi bo‘lyapti (qo‘shimcha yo‘llar). Transport vazirligi buning hammasini o‘rganyapti. Bu bo‘yicha ularning ham strategiyasi bor. Chunki davlatchilikda hamma narsa hisob-kitob qilinadi. Shaharda oxirgi besh yil ichida qanchadan-qancha ko‘priklar qurildi. Shunaqa qo‘shimcha yo‘llar quriladi. Bemorlar kelishi, albatta, hisobga olingan. Suv, kanalizatsiya, kommunikatsiya, yo‘l hammasi o‘ylangan, — deydi vazirning birinchi o‘rinbosari.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev “Daryo” muxbirining sotilayotgan shifoxonalarga belgilangan narxlar bozor narxiga qanchalik to‘g‘ri kelishi haqidagi savolga javoban shifoxona yerlari hamda bino va inshootlar xususiy baholash xizmatlari tomonidan narxlanganini aytdi.

Alisher Miraliyev

Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Narx baholanganidan keyin boshqa yana bir baholash markazi uni ekspertizadan o‘tkazgan. Shifoxona yerlarining sotixi 30 ming dollar atrofidagi qiymatda belgilangan. Shuni hisobga olish kerakki, bu boshlang‘ich narx bo‘lib, qiymat sotuv davrida ko‘tarilib borishi mumkin, — deydi u.

Yana bir qiziq jihati respublika onkologiya markazi hamda uning poytaxt va Toshkent viloyatidagi filiallarini yagona unikal kompleksga birlashtirib, yangi bino qurish ishlari Vazirlar Mahkamasining yopiq qarori asosida Toshkent shahar hokimiga yaqin kishilarga tegishli ekani aytiladigan Mimar Group mas’uliyati cheklangan jamiyatiga berilgan.

Mazkur kompleks qurilishiga 600 milliard so‘m sarflanishi aytilmoqda. Vazirlik onkologiya tizimini, jumladan, ushbu kompleksni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlashga 80 million dollar mablag‘ ajratilayotganini ochiqlagandi. Yangi onkologiya markazi qurilishi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqdagi xabarlarga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham munosabat bildirgandi.

Agentlik xabarlarida keltirilgan obyektlarning yer maydoni 3-4 ming dollarlik boshlang‘ich bahoda sotuvga qo‘yilgan degan vajlarni mutlaqo asossiz dedi va ushbu mulkiy majmualar qonunchilikda belgilangan tartibda mustaqil baholovchi tashkilotlar tomonidan baholanganini bildirdi.

Onkolog Maqsud Mallayevning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, Onkologiya markazini qurish rivojlangan davlatlardagi standartlarga mos keladi.

Maqsud Mallayev

Foto: “Daryo”

Viloyatlarda qila olmaydigan, texnik qurbi yetmagan va ba’zi bir bir nechta komanda orqali o‘tkazilishi kerak bo‘lgan murakkab operatsiyalar yoki protseduralar markazga yo‘naltiriladi. Undan tashqari, ko‘p tarmoqli shifoxonalarning ichida ham bemalol onkologik kasalliklar bo‘lim bo‘lgandan keyin ham kasallik aniqlash, o‘z vaqtida topish va shuni boshqarish imkoniyati ham oshadi.

Markazning o‘zi ilmiy darajasi hisobiga bemalol butun O‘zbekistonni nazorat qila olishi mumkin. Markazlashgan onkologiya ko‘p tarmoqli shifoxonalarda ochiladigan onkologiya bo‘limlarini doimiy nazoratda ushlab turish va qayta tayyorlash uchun bu markaz sifatida tashkil qilinyapti. Bu tajribani olib kelishning sababi shu edi. Hozirgi paytda dunyoning hamma davlatida — Yevropa, Isroil, Arab davlatlari hamda Yaponiya ham xuddi shu sistemada ishlaydi, — deydi Maqsud Mallayev.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibadullayev esa uchta shifoxona faoliyatini tugatib, bir joyga jamlash amaliy tibbiyot nuqtayi nazaridan mutlaqo noto‘g‘ri, deb baholamoqda.

Zarifboy Ibadullayev

Foto: “Daryo”

Shaxsiy fikrimcha, bu — noto‘g‘ri. Nima uchun? Mayli, olib keldi ham deylik, mana onkogematologiya markazi eng zamonaviy, dunyo talablariga javob beradigan markaz qilib qurilyapti. Man shu hududda 40 yildan buyon ishlayman. Ertalab ishga kelganda, darvozadan kirib bo‘lmaydi. Tiqilinch, ya’ni tirbandliklar juda ko‘p. Bu yerda Toshkent tibbiyot akademiyasining o‘quv binosi joylashgan. Markaziy Osiyoda eng katta shifoxona joylashgan — 14 ta korpus, sal nariroqda urologiya markazi va litsey joylashgan. Bu yoqda talabalar yotoqxonasi. Beshta markaz joylashgan joyga agar ularni ham ko‘chirsa, tasavvur qiling qanaqa tiqilinch yuzaga keladi. Tez tibbiy yordam ko‘rsatadigan holatlar, tez tibbiy yordam mashinalari va o‘sha vrachlarning o‘zi tez yetib kelishi kerak. Man metro shu yergacha tortilishini xohlardim, — deydi shifokor.

Ma’lumot uchun, onkologiya markazining yangi barpo etilayotgan yagona unikal kompleksi 2023-yilning may oyida ishga tushirilishi kutilmoqda.

“Daryo” internet nashrining viloyatlardagi muxbirlari onkologiya kasalligi bilan og‘rigan bemorlarga qay darajada yordam ko‘rsatilayotgani, shuningdek, hududlarda bu kasallik bilan og‘rigan bemorlarning yotib davolanishi uchun qanday imkoniyatlar yaratilgani bilan qiziqdi.

Namangan

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan viloyat filiali tarkibida onkoginekologiya, jarrohlik, mammologiya, reanimatsiya va radiologiya bo‘limlari bo‘lib, ularda bugungi kunda 150 nafarga yaqin bemor davolanmoqda.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Filialga keyingi yillarda xorijdan eng zamonaviy qurilmalar keltirilgani e’tiborimizni tortdi. Jumladan, MAGATE va Namangan viloyati hokimligi hamkorligidagi loyiha doirasida Chexiyadan 1,2 mln dollar evaziga keltirilgan Terabalt apparati o‘sma kasalliklari hujayralarini radioaktiv nurlar yordamida kuydirishga mo‘ljallangan ekan. 365 ming yevro turadigan va Farg‘ona vodiysida yagona bo‘lgan Flexitron qurilmasi yordamida esa bachadon bo‘yni va to‘g‘ri ichak saratoni kasalliklarida radioaktiv moddalar qo‘llanadi.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Muassasa hovlisida viloyat hokimligi tomonidan sovg‘a qilingan mobil mammograf avtobusi turibdi. Mutaxassislar haftada besh kun davomida bu avtobuslarda shahar-tumanlarga chiqib, Yaponiyaning Fujifilm kompaniyasidan 100 ming dollar evaziga keltirilgan qurilma yordamida 45-65 yosh toifasidagi ayollar o‘rtasida sut bezi saratonini aniqlash uchun mammoskrining o‘tkazadi. Filial direktori Anvar Eshonovning aytishicha, 6 oy avval olingan mazkur mobil mammograf orqali 2100 nafar ayol tekshiruvdan o‘tkazilgan va ulardan 120 nafarida ushbu kasallikning dastlabki bosqichlari aniqlangan.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Filialda bemorlarga 4 mahal bepul ovqat berilar ekan. Ovqat yetkazib berish autsorsing tizimiga o‘tkazilgan bo‘lib, taomnomadan asosan sutli va yarim qaynatilgan taomlar o‘rin olgan. Tashqaridan ovqat olib kelish man etilgan. Bemor bolalar uchun alohida xona ajratilgan va ushbu xona devorlari ularga xush kayfiyat ulashadigan rasmlar bilan bezalgan. Shuningdek, bolalarga mo‘ljallangan kanallarni ko‘rish uchun televizor hamda turli-tuman o‘yinchoqlar bilan jihozlangan.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Filialda 2023-yili 180 qatnovga mo‘ljallangan ikki qavatli zamonaviy onkologiya poliklinikasi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun muassasaga 9 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

“Daryo” muxbiri shifoxonada bo‘lgan payt bu yerda mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining o‘rtacha maoshi bilan qiziqdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerdagi anestiziolog-reanimatolog shifokorlarga 40 foiz, o‘rta tibbiyot xodimlariga 25 foiz ustama qo‘shib berilar ekan. Biroq shunda ham o‘ziga xos xususiyat va zo‘riqishlar bilan bog‘liq onkologiya yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oyligi o‘rtacha 4-5 million so‘mni tashkil etmoqda. Hamshiralarning maoshi bundan ham past ekani tabiiy.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akromov

Shuningdek, bu turdagi davolash maskanlarida psixologlar doimiy faoliyat olib borishiga zarurat bordek. Namangandagi filialda esa negadir ularga ko‘zimiz tushmadi.

Farg‘ona

Farg‘ona shahridagi onkologiya shifoxonasi 1976-yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 2018-yilda respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filiali sifatida ish boshlagan. Ayni vaqtda 120 o‘ringa mo‘ljallangan shifoxonada 10 ta bo‘lim faoliyat ko‘rsatmoqda.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Shifoxonaning bosh-bo‘yin va bolalar onkologiyasi bo‘limi xalqaro standartlar asosida mukammal ta’mirlangan. Qabulxona binosini mukammal ta’mirlash uchun qariyb 1 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona hamda Qo‘qon filiallariga 1,3 milliard so‘mlik o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasi apparatlari (IVL), kislorod konsentratorlari, kardiomonitorlar, portativ nafas oldirish uskunalari, reanimatsiya maxsus yotoqlari, muzlatkichlar, bolalar yotoqlari o‘rnatilgan. Yaponiya elchixonasi granti asosida 91 ming dollarlik tibbiy jihozlar olib kelingan. Shifoxonada bir oyda o‘rtacha 100-130 ta jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

2021-yilda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyat filialida 20 o‘rin-joyga mo‘ljallangan radiologiya (nur terapiyasi) bo‘limi ochilgan. Bo‘limga Islom taraqqiyot bankining 550 ming dollar mabag‘i hisobidan Chexiya davlatida ishlab chiqarilgan zamonaviy nur apparati olib kelingan. Radiologiya bo‘limi ochilishi uchun oxirgi bir yil mobaynida mahalliy budjet hisobidan qariyb 970 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash va qayta jihozlash ishlari olib borilgan. Radiologiya bo‘limining ochilishi Farg‘ona viloyatining barcha bemorlariga shu yerning o‘zida, ortiqcha sarson bo‘lmasdan vaqtida nur terapiya muolajalarini olish imkonini yaratdi.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Ilgari bemorlar nur muolajasini olish uchun 3-5 oygacha boshqa viloyat onkologiya muassasalarida navbatda turishiga to‘g‘ri kelardi. Bu esa davolash samaradorligi pasayishiga sabab bo‘lsa, ba’zi bemorlarda navbati kelguniga qadar kasallik zo‘rayishi holatlari kuzatilardi. Bo‘limda faoliyat olib borayotgan radiolog shifokorlar Belarus, Hindiston va Turkiya davlatlarining yetakchi klinikalarida malaka oshirib kelgan.

Andijon 

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filiali bosh vrachi Guljahon Hakimovaning aytishicha, avvallari 4-bosqich onkologik kasallik bilan og‘rigan bemorlar yetarli sharoit bo‘lmagani sababli sarson bo‘lgan. Hozirda ular umrining oxirigacha shifoxonada davolanish huquqiga ega.

Foto: “Daryo” / Fazliddin Muqaddasov

Bundan uch yil oldin 4-bosqich onkologik kasallik bilan og‘rigan bemorlarni qabul qila olmasdik. Chunki ularga maxsus muolajalar o‘tkazish mumkin emas edi. Kimyoterapiya qilolmaymiz, nur terapiya ham berish mumkin emas. Jarrohlik amaliyotini bajarib ham bo‘lmaydi. Shu sababli barcha bemorlarni tumandagi shifoxonalarga yuborib, nazorat qilib turishlarini so‘rardik. Prezidentimizning qaroridan so‘ng har bitta onkologiya bo‘limida poliotit bo‘limi ochildi. Bu yerda so‘nggi bosqichdagi bemorlar davolanishi belgilandi. Quvonarlisi bemorlarning yotib davolanish muddati chegaralanmagan. Agarda bemor istasa o‘n kun, bir oy, olti oy yoki umrining oxirgi kunigacha ham shu yerda yotib davolanishlari mumkin. Ularning shunga huquqlari bor. Avvalari sharoitlar yo‘q edi. Kasallikning oxirgi bosqichidagi bemorlar judayam sarson bo‘lar edi. Ushbu bo‘lim Respublikada birinchilardan bo‘lib, Andijonda tashkil etildi. Buning uchun mahalliy budjetdan 500 million so‘m mablag‘ ajratildi. Bemorlar uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Shifokorlar tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi”, — deydi Guljahon Hakimova.

Foto: “Daryo” / Fazliddin Muqaddasov

Shifokorning aytishicha, viloyatda yaratilayotgan sharoit sabab kasallik aniqlangandan so‘ng 5 yildan ko‘p yashagan bemorlar soni  ortgan.

Foto: “Daryo” / Fazliddin Muqaddasov

Oldin butun dunyo bo‘yicha, hattoki bizda ham onkologik kasalliklar asosan yoshi kattalarda uchrardi. Lekin hozirgi vaqtda bu kasallik yosh tanlamay qo‘ydi. Hamma yoshdagi aholida uchrayapti. So‘nggi yillarda kasallik hisobda turgan bemorlarimiz soni ortdi. Lekin bizni bir narsa quvontiradi. Ya’ni kasallik aniqlangandan so‘ng 5 yildan ko‘p yashagan bemorlar soni ham ortgan. 2021-yil davomida 2002 nafar yangi bemor hisobga qo‘yilgan bo‘lsa, joriy yilning 9 oy davomida bemorlar soni 2000 tadan ortib ketdi. 2017-yilda bemorlarning 1,2 foizi birinchi bosqichda, qolgan hammasi uchinchi va to‘rtinchi bosqichlarda kelib davolanar edi. Odatda kasallik aniqlangan bemorlarning 50 foizini ayollar tashkil etadi. Afsus Andijonda aniqlangan bemorlarning 52 foizini erkaklar tashkil etmoqda. Bunga fuqarolarimizning o‘z vaqtida ko‘riklarga bormasligi, tibbiy madaniyatning yetishmasligi, hududlardagi tibbiyot xodimlarining faol bo‘lmagani ham sababdir.

So‘nggi yillarda birinchi bosqichdayoq davolanish uchun murojaat qilayotganlar sezilarli darajada ortdi desak yanglishmaymiz. Boisi bu yil kasallik aniqlangan bemorlarning 16 foiziga birinchi bosqich tashxisi qo‘yilgan. Bu degani ushbu bemorlarimiz besh yil emas, 20-30 hattoki yana 50 yil yashash imkoniyatiga ega”, — deydi u.

Foto: “Daryo” / Fazliddin Muqaddasov

Guljahon Hakimovaning aytishicha, ayollar o‘rtasida eng ko‘p tarqalgan onkologik kasallik bu — ko‘krak sut bezi saratoni kasalligi hisoblanadi.

Ayollar o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan va ko‘p tarqalgan kasallik ko‘krak sut bezi saratoni hisoblanadi. Ayni shu masala bo‘yicha ko‘p ma’ruzalar qilaman. Aslida ushbu kasallikning birinchi bosqichini aniqlash uchun shifokorning ham keragi yo‘q. Ayolning o‘zi bilsa bo‘ladi. Bunday holatlarda darxol onkologga uchrash tavsiya qilinadi. Agarda bemor o‘z vaqtida muolajalarni boshlasa salbiy asoratlarning oldi olinadi. Bu nima degani bu ayolning butun sut bezini olib tashlash emas faqat o‘simtani olib tashlab hech qanaqa kimyoterapiya yoki nur bermasdan kafolatli bir umrga tuzalib ketishiga imkon degani. Natijada bemor ayollarimiz ruhan ezilmaydi, — deydi Guljahon Hakimova.

Qashqadaryo 

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo filiali 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, har yili ushbu maskanda 10 mingga yaqin bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Nurterapiya bo‘limi boshlig‘i Eldor G‘ofurovning ma’lumot berishicha, markazda zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan Radioterapiya bo‘limi 2021-yil iyun oyidan boshlab faoliyat ko‘rsata boshlagan. Aniqlanishicha, shu paytga qadar Radioterapiya muolajalariga muhtoj bemorlar Buxoro, Qoraqalpog‘iston va Toshkent shahriga borib davo muolajalarini olib kelgan.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Ushbu markazda davolanayotgan bemor Toshqul Eshonqulovning ta‘kidlashicha, markazda sharoitlar yetarli darajada va u shifokorlar tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlardan mamnun. Jigarosti o‘smasi kasalligini boshidan kechirayotgan bemor Iqbol Bo‘yto‘rayeva “Kasalligim uchun zarur dori-darmonlar bepul berilmoqda. Bu yerdagi barcha shifokorlar xushmuomala. Ular o‘zlarining shirinso‘zligi bilan ham dardimizga shifo bag‘ishlayapti”, — deydi.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Markazdagi yana bir bemor Ma’rifat Boymurodovaning aytishicha, u kasalligi bo‘yicha tashxis olish uchun bir marotaba Toshkent shahriga ko‘rikka borgan va poytaxtdagi shifokorlar tavsiyasiga binoan Qarshi shahridagi onkologik markazga kelgan.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Kasalligim onkologik kasallik ekanidan xabar topganimdan so‘ng tushkunlikka tushib qoldim va Toshkent shahriga yo‘l oldim. Poytaxtlik shifokorlar ham viloyatdagi markazda davolanishimni tavsiya qildi. Besh oydan beri ushbu kasallik bilan kurashyapman. Kasallikni yengishimda shifokorlarning yordami katta bo‘lyapti, — deydi Ma’rifat Boymurodova.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Ilmiy-amaliy markaz direktori Azamat Sharipovning ma’lum qilishicha, markazda bemorlarga qo‘llaniladigan dori vositalarining yetarlicha zahirasi mavjud.

Foto: “Daryo” / Asliddin Eshonqulov

Markazning ichki dorixonasida bemorlarning davo muolajalari uchun dori vositalari saqlanadi. Asosan, kimyo terapiya muolajalari oladigan bemorlar uchun qo‘llaniladigan dori vositalari narxi, agar u dorixonalarda mavjud bo‘lsa juda qimmat sotiladi. Davlatimiz tomonidan berilayotgan eng katta yordam, ushbu qimmat narxdagi dori vositalarining bepul berilayotganligidir. Bizda qachonki ichki resursda yetishmovchilik kuzatilsagina, boshqa shaxsiy dorixonalardan pul to‘lash evaziga sotib olishni tavsiya qilamiz. Hozirda qimmat narxdagi dorilar zahiramiz yetarlicha. Ichki dorixonamizda mavjud dori vositalarini sotish man qilingani haqida muhr bosilgan bo‘lib, agarda siz ushbu belgi ostidagi dorini dorixonalarga sotilayotganini ko‘rsangiz demak, bizda kimdir o‘g‘irlik qilyapti va albatta, o‘g‘ri qonuniy javobgarlikka tortiladi, — deydi Azamat Sharipov.

Poytaxtdagi onkologiya shifoxonalari O‘zbekistondagi bemorlar uchun naqadar ahamiyatli ekanini, nafaqat bemorlar, jamoatchilik ham bilib, ko‘rib turibdi. Biroq vazirlik mas’ullari bu yerlar ham, shifoxona ham kerakmas bizga degach, xulosa har kimning o‘zida qoladi.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.