Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov safarbarlik haqidagi ma’lumot faqat rasmiy organlardan olinishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

Foto: AP Photo

Peskov shu tariqa ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyada safarbarlikning ikkinchi to‘lqini boshlanishi haqida tarqalayotgan xabarlarga ishonmaslikka chaqirdi.

“Umuman olganda, Telegram kanallaridagi ma’lumotlarga ahamiyat berishning hojati yo‘q. Asosiy manba — Rossiya prezidenti boshchiligidagi rasmiy organlar. Telegram kanallarini bo‘rttirib ko‘rsatish kerak emas”, — dedi Peskov.

2022-yil 21-sentabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 28-oktabr kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezidentga qisman safarbarlik yakunlangani haqida hisobot berdi. Harbiy qo‘shinga 300 ming kishi jalb qilingan. Putin safarbarlikni qayta tiklash uchun asos yo‘qligini ta’kidlagan.