Yaponiyaning Toyota Motor konserni ketma-ket uchinchi yil sotilgan yangi avtomobillar soni bo‘yicha jahon avtomobil ishlab chiqaruvchilari orasida yetakchilikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.

Foto: Bloomberg

Toyota’ning asosiy raqobatchisi Germaniyaning Volkswagen Group korporatsiyasi statistik ma’lumotlariga ko‘ra, u 2022-yilning 12 oyida butun dunyo bo‘ylab 8,26 million dona avtomobil sotdi, bu o‘tgan yilgidan 7 foizga kam.

Toyota Motor hali butun yil uchun ma’lumotlarni e’lon qilmagan. Ammo yanvar—noyabr oylari uchun oraliq statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, u Toyota guruhi ishlab chiqaruvchilari Daihatsu Motor va Hino Motors bilan birgalikda 9,56 million avtomobil sotgan. Shu bilan birga, faqat Toyota’ning o‘zi 8,77 million avtomobil sotgan.

O‘tgan yil davomida yapon avtogiganti ma’lum bir oyda ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlarni bir necha bor qayd etgan.

Kompaniya, birinchi navbatda, Shimoliy Amerikada kuchli talabning tiklanishi tufayli ijobiy natijalarni qayd etdi. Bunga ehtiyot qismlar taqchilligining yaxshilangani ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

So‘nggi yillarda Toyota Motor va Volkswagen dunyoda avtomobillar savdosi bo‘yicha yetakchilik uchun kurashib kelmoqda.

2020-yilda, to‘rt yillik tanaffusdan so‘ng, Toyota ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yana o‘z yetakchiligini qo‘lga kiritgan va o‘shandan beri avtomobil gigantlari o‘rtasidagi tafovut yil sayin ortib bormoqda.