O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov (2731) Niderlandiyada bo‘lib o‘tayotgan Tata Steel Chess 2023 musobaqasida Magnus Karlsenni (2846) mag‘lubiyatga uchratdi.

Foto: “Chess.com”

Abdusattorov FIDE reytingidagi ochkolari sonini 2731 ga yetkazdi va bu borada O‘zbekiston shaxmati tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi. Nodirbek Rustam Qosimjonovning (2678) ko‘rsatkichini yangiladi. Qosimjonov 2015-yilda 2715 natija qayd etgandi.

Karlsen mazkur musobaqa doirasidagi ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Avvalroq norvegiyalik grossmeyster Anish Kumar Giriga yutqazib qo‘ygandi. Amaldagi jahon chempioni 2015-yildan keyin ilk bor bir musobaqa doirasida ikki marta yutqazdi.

Abdusattorov musobaqada beshta turda 4 ochko to‘plagan holda peshqadam bo‘lib turibdi. 20-yanvar kuni 18 yoshli o‘zbekistonlik shaxmatchi 3 ochko bilan uchinchi o‘rinda borayotgan Hindiston vakili Rameshbabu Praggnanadhaga (2684) qarshi dona suradi.