Suriyaning Aleppo shahri Shayx Maqsud tumanida 30 ga yaqin odam istiqomat qiladigan besh qavatli bino qulab tushdi. Bu haqda Daily Sabah xabar berdi.

Foto: AP Photo

Mahalliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, bino qulashiga “turar joy poydevoriga suv sizib chiqishi” sabab bo‘lgan. O‘nlab o‘t o‘chiruvchilar, qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan odamlarni buldozer yordamida qidirmoqda. Hodisa oqibatida kamida 10 kishi, jumladan bir bola halok bo‘lgan.

Mahalliy axborot agentligi yetti kishi halok bo‘lgani, uch kishi yaralanganini xabar qildi. Ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir ekani ta’kidlangan. Suriyadagi 11 yillik to‘qnashuvi davomida Aleppodagi ko‘plab binolar vayron bo‘lgan yoki zarar ko‘rgan.

Avvalroq Rossiyaning Saxalin orolida besh qavatli turar joy binosi portlab ketishi oqibatida yetti kishi halok bo‘lgani, ularning uch nafari bolalar ekani ma’lum qilingan. Portlashga gaz balloni sabab bo‘lgan, uyning vayron bo‘lgan podyezdida jami 33 kishi yashagan.