1990-yillarda kanadalik Brendan Freyzer eng taniqli aktyorlardan biri bo‘lgan. U “Mumiyo” filmidagi Rik O’Konnel roli bilan ko‘pchilikning yodida qolgan. So‘ngra aktyorning hayotida qora chiziqlar paydo bo‘la boshladi. Oradan o‘tgan 30 yil davomida u ko‘plab sinovlarga duch keldi. 2023-yilga kelib to‘siqlarni yengib o‘tgan aktyor chinakamiga katta kurashda g‘alaba qozondi va millionlab odamlarga ilhom bag‘ishladi, deb yozadi The Voice Mag.

Foto: The Voice Mag

2022-yilda Gollivud rejissori Darren Aranofskiyning Brendan Freyzer ishtirokidagi “Kit” filmi namoyish etildi. Aktyor uchun bu so‘nggi 10 yildagi birinchi yirik loyiha hisoblanadi.

Foto: The Voice Mag

Freyzer 90-yillarda Gollivudning taniqli aktyorlaridan biri bo‘lgan. Ammo keyinchalik uning hayotida kutilmagan voqealar sodir bo‘ldi. Brendan zo‘ravonlik qurboniga aylandi, bu fonda ortiqcha vazn yig‘ishni boshladi va natijada aktyorga bo‘lgan talab va e’tibor susaydi.

Foto: Pinterest

Aktyorning kinoga qaytishi qaysidir ma’noda kutilmagan hodisa bo‘ldi. “Kit” filmida Freyzer o‘zining ruhiy va jismoniy muammolariga g‘arq bo‘lgan 270 kilogrammli qahramon rolini ijro etdi. Brendan bu orqali haqiqiy hayotda ham o‘z dardini yengishga muvaffaq bo‘ldi va bugunda yana ijod bilan band. Aktyor ta’sirlandi, tortindi, ammo yana kerak bo‘lish imkoniyatidan mamnun.

Foto: Pinterest

2023-yil boshida Critics Choice Awards taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, unda Freyzer “Kit” filmidagi ishtiroki uchun “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi. Aktyor sahnaga chiqqach ko‘z yoshlarini yutib, qalblarni to‘lqinlantirib yuboruvchi nutq so‘zladi:

“Mazkur ‘Kit’ filmi muhabbat haqida. Poklanish haqida. Zulmat ichra nur topa olish haqida. Men g‘aflatda qoldim, hech bir iz qoldirmay, non ushog‘i kabi g‘oyib bo‘ldim, lekin siz, Darren Aranofskiy, meni topdingiz. Barcha eng yaxshi rejissorlar singari qaysi tomonga qarab harakat qilishimni ko‘rsatdingiz. Agar siz mening filmdagi qahramonim — Charli singari ortiqcha vazn bilan kurashayotgan bo‘lsangiz yoki o‘zingizni zulmat dengiziga g‘arq bo‘lgandek his qilsangiz, shuni bilishingizni istayman: agar oyoqqa turishga va yorug‘lik tomon intilishga kuch topsangiz, demak, hammasi yaxshi bo‘ladi”.